Mahalliy

Toshkentda daraxtlar qayta sanab chiqiladi hamda ularning kasalliklari va odamlar uchun xavfsizligi tekshiriladi

Toshkentda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar qayta xatlovdan oʻtkaziladi, ularning holati baholanadi va maʼlumotlar maxsus reyestrga kiritiladi. Qurigan, kasallangan va shikastlangan, odamlar yoki mol-mulk uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan oʻsimliklarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Tegishli qarorni poytaxt maʼmuriyati rahbari Shavkat Umurzoqov imzoladi.

Buning uchun maxsus ishchi guruh tuzilib, u joylarga borgan holda oʻsimliklarni koʻzdan kechiradi va ularning holati toʻgʻrisida maʼlumot yigʻadi.

Mutaxassislar daraxtlarning soni, turi, yoshi va joylashgan joyini qayd etadilar. Birinchi navbatda kasallangan, zararkunandalar yoki tabiiy omillardan zarar koʻrgan, qurigan yoxud odamlar va mol-mulkka xavf soladigan oʻsimliklar tekshiriladi.

Barcha yigʻilgan maʼlumotlar maxsus reyestrga kiritiladi. Tashkilot va korxonalar rahbarlari taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun javobgar boʻladilar, Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi esa ularni joylarda tanlab tekshiradi. Umumlashtirilgan natijalar har chorakda shahar hokimligiga taqdim etib boriladi.

Agar tekshiruv davomida holati yoki xavfsizlikka tahdidi tufayli olib tashlanishi kerak boʻlgan daraxtlar aniqlansa, masʼul shaxslar daraxtlarni kesish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishlari kerak boʻladi. Arizani onlayn tarzda «Litsenziya» tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish mumkin.

Bunda daraxtlarni kesishga faqat ruxsatnoma olinganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi. Oʻsimlikning kasal, qurigan yoki xavfli deb topilishining oʻzi uni belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmasdan kesish huquqini bermaydi.

Tekshiruv poytaxtdagi yashil maydonlar holati haqida aniq tasavvurga ega boʻlish va qaysi daraxtlar alohida parvarishga muhtojligini, qaysilari esa xavfsizlikka tahdid solayotganini aniqlash imkonini beradi.

Avvalroq Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida 2 gektar maydonda 600 ga yaqin daraxt va butalar noqonuniy ravishda qoʻporib tashlangan edi. Tabiatga yetkazilgan zarar 1,7 milliard soʻmdan ortiq deb baholangan.