Toshkentda fuqarolardan qo‘rqitish yo‘li bilan 108 ming dollar undirgan “Izzat Nazarbek” laqabli shaxs ushlandi

Toshkentda fuqarolardan tahdid va zo‘ravonlik yo‘li bilan jami 108 ming AQSH dollari hamda boshqa mol-mulklarni undirganlikda gumonlangan, “Izzat Nazarbek” laqabi bilan tanilgan shaxs hibsga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
IIV va DXX Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ikki nafar fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Murojaatchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, 2019-yildan beri tanish bo‘lgan “Izzat” ismli shaxs undan qo‘rqitish va zo‘ravonlik orqali jami 70 ming dollar olgan. Yana bir fuqaro esa biznesga majburan sherik qilinganini, avtomobil sotib olishga va 38 ming dollar berishga majbur bo‘lganini bildirgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida yana bir ayol ham murojaat qilib, shaxsiy suratlarini tarqatish bilan qo‘rqitilganini va jinsiy aloqaga majburlanganini ma’lum qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi 1988-yilda tug‘ilgan Isoq ismli, “Izzat Nazarbek” laqabi bilan tanilgan shaxs ekani aniqlanib, Uchtepa tumanidagi sport zalida qo‘lga olindi. Undan ikki dona “Baykal” to‘pponchasi, o‘q-dorilar, pichoqlar va to‘pponcha g‘ilofi topilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik) hamda 121-moddasi 4-qismi “v” bandi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Iyul oyi oxirida jinoyat olamida “qonundagi o‘g‘ri” sifatida tanilgan, Jora Tashkentskiy laqabli Georgiy Sorokin Misrning Sharm ash-Shayx shahrida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida xabar berilgandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Interpol hamkorligidagi xalqaro qidiruv tadbirlari natijasida Sorokin Misrda ushlangan. Zarur xalqaro-huquqiy tartib-taomillar yakunlangach, u O‘zbekistonga olib kelinib, jinoiy javobgarlikka tortish uchun tegishli organlarga topshirilgan.

