Mahalliy

Toshkentdagi mehmonxona loyihasi me’yorlarga mos kelmagan, yer esa avval maktabga tegishli bo‘lgan — hokimlik

Toshkentning Beruniy ko‘chasidagi mehmonxona qurilishida kotlovan vertikal qazilgan va tegishlicha mustahkamlanmagan, qo‘shni uygacha masofa esa me’yordan 3 metrga kamroq ajratilgan, deya ma’lum qildi hokimlik. Ushbu yer oldin 243-sonli maktab nomiga rasmiylashtirilgan, keyinchalik ochiq auksionsiz sotib yuborilgan.

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, Olmazor tumanining Beruniy ko‘chasida mehmonxona qurilishi jarayonida ish texnologiyasi, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga to‘liq rioya etilmagan. Shuningdek, loyihada qo‘shni to‘qqiz qavatli turar joy binosigacha bo‘lgan masofa belgilangan me’yordan kamroq qilib ajratilgan. Bu haqda Gazeta nashriga Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Gap “Orzu” mahallasi, Beruniy ko‘chasi, 102-uy (ilgari 43-uy) manzilidagi obyekt haqida bormoqda. Qurilish buyurtmachisi “Donmah-Imex” MCHJ, loyihachi “Aleks Project” MCHJ, pudratchi esa “Lost Planet” MCHJ hisoblanadi.

Yakshanba kuni qurilish hududida kotlovanning bir qismi va uning yonidagi vaqtinchalik to‘siq o‘pirilib tushdi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, bir kishi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hokimlikning ta’kidlashicha, kotlovan qazishda qurilish tashkiloti ishlar texnologiyasi va xavfsizlik talablariga yetarlicha rioya etilishini ta’minlamagan. Natijada kotlovanning bir tomonida tuproq ko‘chishi yuz bergan, vaqtinchalik to‘siq esa o‘pirilgan joyga qulab tushgan.

Tekshiruv shaharsozlik va loyiha hujjatlarida ham kamchiliklar borligini aniqladi. Kelishilgan chizmalarga ko‘ra, qurilayotgan bino mavjud to‘qqiz qavatli turar joy uyidan 12 metr masofada joylashishi kerak bo‘lgan. Aslida esa amaldagi shaharsozlik me’yorlari bo‘yicha bu masofa kamida 15 metrni tashkil etishi talab qilinadi. Shu tariqa, loyihada nazarda tutilgan masofa me’yordan 3 metrga kam bo‘lib chiqqan.

Bundan tashqari, loyihani tayyorlashda ajratilgan maydon o‘lchami kotlovanni nazarda tutilgan qiyalik usulida qazish uchun yetarli emasligi hisobga olinmagan. Tasdiqlangan loyihaga ko‘ra, o‘lchami 48 ga 42 metr bo‘lgan, ikkita yerto‘laga ega besh qavatli bino qurish rejalashtirilgan. Qiyaliklarni qurish uchun ajratilgan hudud perimetri bo‘ylab qo‘shimcha ravishda taxminan 5 metr maydon kerak bo‘lar edi. Bu esa turar joy hududiga olib boruvchi ichki yo‘lning deyarli yarmini egallab qo‘yardi.

Natijada kotlovan loyihada nazarda tutilganidek qiyalik bilan emas, balki vertikal ravishda qazilgan. Poytaxt hokimligining ta’kidlashicha, vertikal usulda qazishda yon atrofdagi bo‘sh tuproq qatlamlarini temir-beton qoziqlar, suyanch devori yoki boshqa muhandislik inshootlari bilan mustahkamlash zarur edi. Biroq zarur choralar o‘z vaqtida va yetarli hajmda amalga oshirilmagan, bu esa kotlovanning yon devorida tuproq ko‘chishiga olib kelgan.

Hozirda “Qishloqqurilishloyiha” MCHJ, “Og‘irsanoatloyiha” AJ va “O‘zGASHKLITI” ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari kotlovan devorlarini mustahkamlash, hodisa oqibatlarini bartaraf etish hamda ishlarni xavfsiz davom ettirishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda.

Kadastr organlari ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu uchastkada joylashgan ma’muriy binoning bir qismi 2019-yil dekabr oyida Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda 243-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2020-yil may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hududiy boshqarmasi, 243-sonli maktab va “Donmah-Imex” MCHJ o‘rtasida kompaniya tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilishi sharti bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Shartnoma va davlat orderi asosida obyekt 2022-yil avgust oyida “Donmah-Imex” nomiga rasmiylashtirilgan.

2023-yil noyabr oyida Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, shuningdek, qo‘shimcha obyektlar qurishga ruxsatnoma berilgan. O‘sha yilning dekabr oyida kompaniya arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olgan. Binoning joylashuvi va o‘lchamlari Arxitektura-shaharsozlik kengashi ishchi organi tomonidan 2025-yil fevral oyida ma’qullangan. Ekspertizaning ijobiy yig‘ma xulosasi esa 2026-yil yanvar oyida berilgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasida obyekt 2026-yil 19-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Anhor.uz yozishicha, uchastkaga oid hujjatlar voqeaning yana bir tomonini ochadi – maktab yeri ochiq auksionsiz sotib yuborilgan. Qonunchilikda davlat mulkini investitsiya majburiyatlari bilan maxsus tartib-qoidalar asosida realizatsiya qilishga ruxsat berilgan. Biroq mavjud hujjatlardan obyekt aynan “Donmah-Imex”ga qaysi qaror asosida sotilgani, xaridor qanday tanlangani va kompaniya bino hamda uchastka uchun qancha to‘lagani noma’lumligicha qolmoqda.

“Donmah-Imex” 2019-yilning fevral oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, uning asosiy faoliyat turi sifatida don, urug‘ va hayvonlar uchun ozuqalar ulgurji savdosi ko‘rsatilgan. Kompaniya ta’sischilari teng ulushlarda Muhammad Murod o‘g‘li Husanov va Samuk Salixjanovich Yakubov hisoblanadi, ustav fondi miqdori esa 10,924 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Kompaniya o‘z zimmasiga aynan qanday investitsiya majburiyatlarini olgani, kiritilgan sarmoyalar muddati va hajmi qanday bo‘lgani, ularning bajarilishini kim nazorat qilgani va ta’lim tizimining sobiq obyektidan qaysi asosda mehmonxona apartamentlari qurish uchun foydalanishga qaror qilingani noma’lum. Davlat organlariga oldi-sotdi shartnomasi, obyektning baholanishi, to‘lov shartlari, investitsiya majburiyatlari ro‘yxati va ularning bajarilgani to‘g‘risidagi hujjatlar bo‘yicha so‘rov yuborilgan.

Avvalroq Toshkent shahar hokimligi poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning topshirig‘iga ko‘ra Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish inspeksiyasi, prokuratura, Olmazor tumani hokimligi va boshqa idoralar vakillaridan iborat maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qilgan edi. Hudud o‘rab olingan, xavfli uchastkaga kirish cheklangan. Mutaxassislar o‘pirilish sabablari, yon-atrofdagi hudud, yo‘l va muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.

Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 192−11-moddasi (Nodavlat tashkiloti mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2025-yilning dekabr oyida prezident Toshkent aholisining yillik o‘sishi sababli shaharda 75 ta maktab va bog‘cha, shuningdek, 23 ta sport majmuasi yetishmayotganini aytgan edi. U hokimlarga har yili jalb qilingan mablag‘lar hisobidan bittadan obyekt qurishni topshirgan, qolgan muassasalar esa investitsiya dasturlari doirasida barpo etiladi.