Tramp Erondan tovon puli talab qildi va buni muzokaralar uchun shart qilib qo‘ydi
Vashington Erondan Tehron bilan bog‘liq deb hisoblanadigan harakatlar oqibatida halok bo‘lganlar va og‘ir yaralanganlar uchun tovon puli talab qilish niyatida, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp.

Tramp Erondan tovon puli talab qildi va buni muzokaralar uchun shart qilib qo‘ydi
Amerika yetakchisi Donald Tramp Eron vakillari so‘nggi besh oylik harbiy mojaroda mamlakatga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilayotganini ta’kidladi. Trampning aytishicha, bu masala muzokaralar yoki uchrashuvlarda «hech qachon tilga olinmagan».
«Endi men Erondan yo‘l chetiga o‘rnatilgan bombalar yordamida o‘ldirilgan va og‘ir yaralangan barcha odamlar uchun tovon to‘lashni talab qilaman», deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
AQSh prezidenti, shuningdek, USS Cole kemasida halok bo‘lganlarning oilasini va jangovar harakatlarda qurbon bo‘lgan «boshqa minglab» odamlarni ham tilga oldi. Bundan tashqari, u Eron «so‘nggi 50 yil ichida o‘ldirgan» namoyishchilarning oilasiga, shuningdek, so‘nggi besh oy ichida halok bo‘lgan 52 ming kishining yaqinlariga ham tovon puli to‘lanishi kerakligini aytdi.
«Men o‘z vakillarimga Eron bilan kelajakdagi har qanday muzokaralarga ushbu talabni kiritishni qat’iy topshirdim», deb ta’kidladi AQSh prezidenti.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ehtimoliy ochilishini AQSh tomonidan bir qator shartlarning bajarilishiga, jumladan, Eronga yetkazilgan zararni to‘liq qoplashiga bog‘ladi. Bu haqda 8-avgust kuni Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Muhammad Boqir Zulqadr ma’lum qildi, deb xabar beradi ISNA agentligi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Tehronga nisbatan siyosatini o‘zgartirmaguncha, bo‘g‘oz ochilmaydi. Zulqadr Eron tomonining fikricha, Qo‘shma Shtatlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan oltita talabni sanab o‘tdi.
Zararni qoplashdan tashqari, Eron o‘ziga nisbatan har qanday tahdid va diniy qadamjolarni haqoratlashni to‘xtatishni, Livan, Falastin, Yaman va Iroqda Eron va uning ittifoqchilariga qarshi harbiy harakatlarni butunlay tugatishni, dengiz blokadasini bekor qilib, AQSh harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlarini olib chiqib ketishni, sanksiyalarni bekor qilishni va muzlatilgan Eron aktivlarini blokdan chiqarishni talab qildi.

