Uch hududda fuqarolarning shaxsiy surat va videolarini tarqatish bilan qoʻrqitib, pul undirmoqchi boʻlganlar ushlandi

Uch viloyatda fuqarolarning shaxsiy surat va videolarini tarqatish bilan tahdid qilib, pul undirishga
urinayotgan shaxslar qoʻlga olindi. Jizzax, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida sodir boʻlgan bu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.
**Jizzax viloyatidagi holat:**
Jizzax viloyati IIB maʼlumotlariga koʻra, Gʻallaorol tumanida yashovchi 1988-yilda tugʻilgan fuqaro ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Uning aytishicha, Norin tumanida 1995-yilda tugʻilgan, hozirda Jizzax shahrida tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi shaxs uning shaxsiy hayotiga oid suratlari va yozishmalarini internetda hamda yaqin qarindoshlariga tarqatish bilan tahdid qilgan. Buning evaziga undan jami 9 million soʻmlik kredit qarzlarini toʻlab berish talab qilingan. Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida gumondor protsessual tartibda ushlangan. Undan videotasvirlar va yozishmalar saqlangan mobil telefon daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda va Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish choralari koʻrilmoqda.
**Surxondaryo viloyatidagi holat:**
Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanida aniqlangan holatda, fuqaro Instagramʼdagi “Diyorabonu 67” akkauntidan foydalangan erkak uning shaxsiy videolarini Rossiyada ishlayotgan turmush oʻrtogʻiga yuborish bilan qoʻrqitib, evaziga 2 million soʻm talab qilayotganini bildirgan. 15-iyul kuni oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida akkauntni boshqargan, 2000-yilda tugʻilgan gumondor talab qilingan pulning 1 million soʻmini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tekshiruv davomida ayolni avval ham videolarini tarqatish bilan qoʻrqitib, jinsiy aloqaga majburlab kelgan yana bir shaxs aniqlangan. U 2002-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan fuqaro ekani maʼlum boʻlgan. U ayolni bir necha marotaba jinsiy aloqaga majburlagani hamda videolarni tarqatmaslik evaziga undan 4 gramm tilla sirgʻa va 100 dollarni tovlamachilik yoʻli bilan olgani aniqlangan. Har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.
**Namangan viloyatidagi holat:**
Namangan viloyati Chust tumanidagi vaziyatda 2000-yilda tugʻilgan fuqaro 2004-yilda tugʻilgan ayolni uning sir saqlanishi lozim boʻlgan foto va videolarini yaqinlariga koʻrsatish hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qoʻrqitib kelgan. U buning evaziga ayoldan iPhone telefoni olib berishni talab qilgan. Tezkor tadbir davomida gumondor Chust tumanidagi oshxonalardan birida jabrlanuvchidan telefonni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan Chust tumani IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq kottej savdosi ortidan tovlamachilik qilgan aka-uka ushlangandi. Ular uy xarid qilib, ma'lum miqdorda to‘lov qilishgan, biroq qolgan mablag‘ni berishni rad qilib, uy egasiga bosim o‘tkazishgan.

