Iqtisodiyot

Uzbekistan GTL zavodini xususiylashtirish boshlangani eʼlon qilindi

Zavod besh yil avval 3,4 mlrd dollarga qurilgan edi. Shundan 2,3 mlrd dollari — davlat kafolati ostida olingan tashqi qarzdir. Hozirda kompaniya aktsiyalarini IPO ga chiqarish boʻyicha ham ishlar olib borilayotgani xabar qilinmoqda.

Uzbekistan GTL zavodini xususiylashtirish boshlangani eʼlon qilindi

Oʻzbekistondagi eng yirik yonilgʻi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri — Uzbekistan GTL’ni xususiylashtirish boʻyicha ishlar boshlandi. Bu haqda 8 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, kompaniyani sotish kontseptsiyasi allaqachon mavjud va hozirda xususiylashtirish jarayoniga start berilgan.

«Bizda Uzbekistan GTL’ni xususiylashtirish boʻyicha kontseptsiya bor. Zavodni xususiylashtirish bosqichi boshlandi. Yaʼni, prezident qarorida ushbu muddatda xususiylashtirilishi yozilgani, aynan oʻsha paytda sotib yuboriladi degani emas. Bu oʻsha muddatda xususiylashtirish ishlari boshlanishini anglatadi. Xususiylashtirishdan oldingi harakatlar bor. Uning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati auditi oʻtkaziladi, ishlab chiqarish va moliyaviy koʻrsatkichlarga salbiy taʼsir etuvchi omillar oʻrganiladi. Xususiylashtirishdan keyin iqtisodiyotga, tovar yetkazib beruvchilar va xaridorlarga taʼsiri qanday boʻlishi tahlil qilinadi. Qarorda ushbu bosqichlar koʻzda tutilgan»

Sohibjon Murodov, shuningdek, Uzbekistan GTL’ni IPO’ga chiqarish, yaʼni kompaniya aktsiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish boʻyicha ishlar boshlanganini maʼlum qildi.

«Birinchi IPO’da ishtirok etishga qiziqish bildirgan yirik xalqaro tashkilotlar ham bor. Ular bizga murojaat qilishdi. Yaʼni, bu biz uchun yaxshi signal. Agar IPO’ga chiqarsak, GTL’ning kichik aktsiyalarini sotib olishni xohlovchilar ham topiladi. Moliyaviy faoliyat haqida toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumotga ega emasman. Lekin biz bu maʼlumotlarni taqdim etishga tayyormiz»

Maʼlumot uchun: Uzbekistan GTL zavodi 2021 yilning dekabr oyida ishga tushirilgan. Xabar qilinishicha, uning binolari maydoni 135 gektarni tashkil etadi. Majmua yiliga 3,6 mlrd kub metr tabiiy gazni qayta ishlash va 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yonilgʻisi, 437 ming tonna nafta hamda 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Uzbekistan GTL zavodi qurilishiga 3 milliard 420 million dollar sarflangan. Ushbu summaning 2,3 mlrd dollari — davlat kafolati ostida xorijdan olingan kreditlardir. Kompaniya rasmiy sayti maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil 16 iyun holatiga koʻra asosiy qarz qoldigʻi 838,2 mln dollarni tashkil etgan. Ushbu kreditlar Xitoy, Koreya, Rossiya banklari va boshqa moliyaviy tashkilotlar tomonidan ajratilgan.