Xonanda Shahzoda bilan muhokama qilinadigan, baxtini ikkinchi turmushidan topgan, Shahnoza Mirziyoyevaning yaqin dugonasi Lola Yo‘ldosheva 41 yoshda (foto, video)

Xonanda Shahzoda bilan ko‘p bora tilga olinadigan, ikkinchi turmushida baxt topgan, Shahnoza Mirziyoyevaning yaqin dugonasi Lola Yo‘ldosheva 41 yoshda (foto, video)
O‘n yoshida mashhurlikka erishgan, sobiq turmush o‘rtog‘i sabab universitetni tugata olmagan, asl kasbi yurist bo‘lgan, san’atga oshno tergovchi otaning qizi xonanda Lola Yo‘ldosheva 4-sentyabr kuni 41 yoshga to‘ldi. Ijodi davomida ko‘plab xit qo‘shiqlar yaratgan, shu bilan birga aktrisalikda ham o‘zini sinab ko‘rgan, hozirda uch farzandning mehribon onasi bo‘lgan ko‘p qirrali ijodkor Lolaning hayoti va ijodiga nazar tashlaymiz.
### Tergovchining qizi
Lola Yo‘ldosheva 1985-yil 4-sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Ravshanbek Yo‘ldoshev uzoq yillar ichki ishlar organlarida tergovchi bo‘lib ishlagan. Shu bilan birga, uning san’atga qiziqishi kuchli bo‘lgan. Aynan shu qiziqish tufayli Ravshanbek Yo‘ldoshev keyinchalik ko‘plab yulduzlarni kashf etgan “Tarona rekords” prodyuserlik kompaniyasiga asos solgan. Uning ko‘magida “Setora” guruhi, Shahzoda, Shoxruhxon kabi xonandalarning tanilishiga hissa qo‘shgan.
Onasi Gulnora Yo‘ldosheva esa dizaynerlik bilan shug‘ullangan, dastlab turmush o‘rtog‘ini qo‘llab-quvvatlash uchun uning prodyuserligida suratga olingan kliplarda kostyum ustasi bo‘lib ishlagan.
### Lolaning asl kasbi san’atkor emas, yurist
Xonanda yoshligida gumanitar fanlarni katta qiziqish bilan o‘rganadi va Buyuk Britaniyadagi o‘rta maktabda tahsil oladi. Lola maktabni tugatgach, Moskva xalqaro universitetiga o‘qishga kiradi. O‘qishni bitirgach, Toshkentga qaytadi va biznes sohasidagi bilimlarini mustahkamlash uchun poytaxtdagi Vestminster xalqaro universitetida tahsil oladi. Keyin Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishini ko‘chiradi va oliy ma’lumotli yurist sifatida o‘qishni yakunlaydi.
— Kichkinaligimda o‘ziga ishonchi past, tortinchoq qizcha bo‘lganman, o‘zimga bo‘lgan ishonchsizlikni boshqarib bo‘lmaydigan energiyam ortiga yashirganman. Tengdoshlarim bilan yig‘ilsak, o‘zimni noqulay his etardim. Bu o‘z sevimli mashg‘ulotimni topib, energiyamni kerakli sohaga yo‘naltirgunimga qadar davom etgan, deydi xonanda.
### 10 yoshda erishilgan mashhurlik
Lola ijodiy faoliyatini juda erta boshlagan. U 10 yoshida “Shiribom” reklama roligi uchun ilk qo‘shig‘ini ijro etgan. Lola 2002-yilda xonanda sifatida faoliyatini boshlaydi va “Netayin” nomli taronasini kuylaydi. Xonandaning ushbu qo‘shig‘i uzoq vaqt hitlar safidan tushmaydi. U 2002-yilda rossiyalik prodyuserlar bilan shartnoma imzolaydi va bir muddat Mayya taxallusi ostida ijod qiladi.
Shundan so‘ng u “Muhabbatim”, “Topdim baxtimni”, “Imkon ber”, “Senga”, “Sog‘indim”, “Kel” taronalarini muxlislariga taqdim etadi. Xonanda ishtirokidagi “Kelgindi kuyov”, “Jodugar”, “Yondiradi, kuydiradi”, “G‘aroyib orzular” filmlari ham tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
### Omadsiz turmush
Aktrisa 2005-yilda “Tarona” mukofotlash marosimida “Yilning eng yaxshi ayol xonandasi” sifatida g‘olib deb topiladi. Shundan so‘ng xonanda turmushga chiqadi va ijodda tanaffus qilib, butun e’tiborini oilasiga qaratadi. Lola “Topdim baxtimni” nomli taronasida birinchi turmush o‘rtog‘i bilan suratga tushgan. Oradan 6 yil o‘tib, 2011-yilda u turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganini va ijodga qaytganini ma’lum qiladi.
— Sobiq turmush o‘rtog‘im bilan tanishganimizda 18 yoshda edim. U meni turmushga chiqishga ko‘ndirish uchun bir yil mehnat qildi, bizning to‘yimizga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan ota-onamni ko‘ndirish uchun esa yana bir yil sarfladi. U hammamizni ko‘ndirish uchun barcha mahoratini ishga soldi. Shu tarzda oradan 2 yil o‘tib biz unga taslim bo‘ldik. Otam sobiq turmush o‘rtog‘imdan to‘ydan keyin o‘qishimni davom ettirishim hamda o‘tgan yillar mobaynida erishgan karyeramni davom ettirish va’dasini oldi. Erkaklar qo‘l tashlashdi, non sindirildi, to‘yimiz bo‘ldi.
Biz shahardan 30 kilometr uzoqlikda yashardik, men deyarli uydan ko‘chaga chiqmasdim. Menga o‘qishimni davom ettirishga ham ruxsat berishmadi. Chunki bu yangi kelinchakka uydagi majburiyatlarini bajarishiga xalaqit berardi. Shu tarzda Vestminsterni tamomlay olmadim. O‘qishimni yuridik universitetning sirtqi bo‘limiga ko‘chirishdi.
Ishlashimni hamda kasbim bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etishimni taqiqlashdi. Barcha dugonalarim bilan aloqam uzildi, ular bilan uchrashuvlarga, tug‘ilgan kun va to‘ylarga yuborishmasdi.
Shunday qilib oradan yillar o‘tdi. Ikki farzandli bo‘ldim. Har kuni ertalab soat 6:00 da turardim, yarim kechasi uxlashga yotardim. Boshqalarning manfaatlari bilan yashardim, chunki o‘zimda hech qanday manfaat yo‘q edi. Hayotimdagi asosiy maqsad oila a’zolariga xizmat qilish, ularga yaxshi ko‘rinish edi. Har kecha uxlashdan oldin o‘zimni sahnada his etar, ko‘zlarim yonib tabassum qilayotganimni tasavvur qilardim. Faqat tushimda o‘zimni baxtli va erkin his etardim.
### “Haqiqiy Lolani sog‘inardim”
— Kunlardan bir kun men 40 kunlik o‘g‘limni va ikki yoshli qizimni olib u uydan ketdim va u yerga boshqa hech qachon qaytmadim, deb yozgandi Lola Instagram sahifasida.
Yo‘q. Qilmishimdan afsuslandimmi? Hech qachon! Kimnidir ayblaymanmi? Bu ahmoqlik. Biz bilan bo‘layotgan hamma narsaga biz qachondir ruxsat berganmiz. Oradan 10 yil o‘tganidan so‘ng men bu haqda birinchi marta gapiryapman. Chunki qachondir men bosib o‘tgan hayotda yashayotgan ayollarning og‘rig‘ini tushunaman, sizning umidsizligingizni his etaman, oilangizni yo‘qotishdan, shu bilan birga, tubsiz jarlik yoqasida qolishdan qo‘rqishingizni bilaman.
Birga yashayotgan odamlaringizning harakatlarini oqlab, bu sizning taqdiringiz va siz hech narsani o‘zgartira olmasligingizga o‘zingizni ishontirayotganingiz, ota-onangiz yuzini yerga qaratmaslik uchun harakat qilayotganingizni his qilaman.
Foto: Instagram
Siz juda ham istaydigan yagona narsa — to‘yib uxlash yoki hech bo‘lmasa biror marta hech kimdan ruxsat so‘ramasdan biror qarorni qabul qilish. Biroq siz bulardan ko‘prog‘iga loyiqsiz. Bu ajrashishga chaqiriq emas! Men uchun oilaviy qadriyatlar hamisha ustun bo‘lgan. Bu o‘zingizni hurmat qilishga chaqiriq! Siz shaxs ekanligingiz va o‘zingiz orzu qilgan hayotda yashashga to‘laqonli haqli ekanligingizni unutmang! Ha, siz kelin, rafiqa va onasiz, lekin birinchi navbatda siz o‘z haq-huquqlariga ega insonsiz hamda hech kim ularni oyoqosti qilish huquqiga ega emas.
Kimdir o‘zgarishi va hayotingiz yaxshilanishini kutmang. Bu o‘z-o‘zini aldash. O‘zgarishi mumkin bo‘lgan yagona inson — sizsiz. Men shu tarzda yumshoq fe’l-atvorli, ochiq, sodda va ishonuvchan qizdan kuchli, asosiysi, o‘zini sevadigan va hurmat qiladigan ayolga aylandim.
Foto: Instagram
Biz qizlarimizga o‘rnak bo‘lamiz, shuni yodda tuting. O‘ziga hurmat bolalikdan boshlanadi. Bolalar o‘ziga ishonchi yuqori, o‘ziga qaragan, otasi sevadigan baxtli onani ko‘rishi kerak. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas! Mening farzandlarim bugun meni shu holda ko‘ryapti.
Oradan yillar o‘tib, men turmush o‘rtog‘im siymosida baxtimni, sevgimni, erkimni, hurmat va qo‘llab-quvvatlashni topdim. Buning uchun undan minnatdorman. Endi siz bu shunchaki balandparvoz so‘zlar emas, balki mening hayotiy tajribam ekanini bilasiz.
Men sizlarning har biringiz baxtli bo‘lishingizni juda xohlayman. Yana o‘zingizning hayotingizni sevishingiz, bu yashash uchun kurash emas, ajoyib yo‘l ekanligini yodda tutishingizni istardim. Bu yo‘lni qanday bosib o‘tishni faqat siz hal qilasiz, degan edi xonanda.
Foto: Instagram
Birinchi turmushidan ajrashgandan so‘ng xonanda 2017-yilda yana turmush quradi va 2020-yilda qizi Aishani dunyoga keltiradi.
### Xonanda zararli odatlari haqida
Foto: Instagram
Lolaning ham ko‘plab insonlar singari zararli odatlari bor. Xonanda muxlislariga atalgan postida punktuallik (o‘z vaqtida ulgurish) borasida ajralib turmasligi va ko‘pincha hamma joyga kechikib yurishini tan olgan, buni esa ishlarni doim keyinga qoldirishi bilan izohlagan edi. Bundan tashqari, qo‘shiqchi o‘zini qahvadan cheklamasligini, bir kunda bu ichimlikdan ikki finjon ham ichishi mumkinligini qayd etgan edi. Shuningdek, Lola kir yuvish mashinasidan yuvib bo‘lingan kiyimlarni chiqarib yoyib qo‘yishni unutishi, ancha vaqtdan keyin esa ularni qaytadan yuvishi haqida yozgandi.
### Lola va Shahzoda o‘rtasidagi munosabat har doim muhokamalar markazida
Lolaning otasi Ravshan Yo‘ldoshev uning onasi Gulnora Yo‘ldosheva bilan ajrashib, Shahzodaga uylanganidan keyin xonandalar o‘rtasidagi munosabat yomonlashgani haqida uzoq yillar davomida mish-mishlar yuradi. Shahzoda ham, Lola ham turli intervyularda ular hech qachon bir-biriga ovozini balandlatib gapirmagani, oralarida jiddiy kelishmovchilik ham yo‘qligini ta’kidlab keladi. Lola Instagram sahifasi orqali muxlislarini qiziqtirgan savollarga javob berar ekan, bugunga kelib Shahzoda bilan hech qanday munosabatda emasligini ma’lum qilgan.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
### Otasining vafot etganidan so‘ng ancha paytgacha o‘ziga kela olmagan
2020-yil 31-mart kuni Lolaning otasi Ravshanbek Yo‘ldoshev yurak xurujidan vafot etdi. Xonanda o‘shanda oilasi bilan Rossiyaning Moskva shahrida edi. Pandemiya sabab aviareyslar cheklangani bois Lola otasining janozasiga kela olmadi. U otasining o‘limidan keyin ancha vaqtgacha o‘ziga kela olmagani haqida muxlislariga so‘zlab bergan edi.
Foto: Instagram
— Otam sochining uchigacha intelligent odam edi. U eng aqlli, mehribon, nihoyatda iste’dodli inson edi. U har doim o‘zini og‘ir-bosiq tutar, past, yoqimli ovozda gapirardi. O‘ylashimcha, u javobini bilmaydigan bironta ham savol yo‘q edi. Har doim to‘g‘ri, dono maslahat berardi. Men har doim ijod va shaxsiy hayotga oid maslahatlarni undan so‘rardim. U har doim mening suyanchig‘im edi. U o‘zini sevardi, o‘ziga qarardi, har doim did bilan kiyinardi. Yana uning qo‘llari juda chiroyli edi. U farzandimni dunyoga keltirishim bilan uchib kelishini aytgandi, men uni rosa kutayotgan edim. Biz u bilan o‘limidan bir kun avval gaplashgan edik. Ikkalamiz ham bu oxirgi marta ekanligini bilmagandik, degan edi Lola.
Lola 2022-yil mart oyida plastik jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. U go‘zal bo‘lish uchun asli o‘zbekistonlik, ammo Moskvada faoliyat yuritayotgan mashhur plastik jarroh Timur Xidirovga murojaat qildi.
### “Ajralish — bu tanlov”
Men ozod bo‘ldim! Ajrashish — bu tanlov. Va siz buni tanlaysiz. Farzandlaringiz sizning boyligingiz, ortiqcha yuk emas! Birga yashagan yillaringiz esa — tengsiz tajriba, vaqt va yoshlikni qo‘ldan boy berish emas. Hayotingiz uchun mas’uliyatni his eting va faqat olg‘a, deydi Lola.
### “Onajonlar, qullarni tarbiyalamang”
— Fikrimcha, qizlar tarbiyasida muhim narsalardan biri bu ularni o‘ziga hurmat ruhida tarbiyalash. Onajonlar, kelajakda erkaklarga xizmat qilishi kerak bo‘lgan qullarni tarbiyalashni to‘xtating! Qizlarga bilim bering, shunda ular “quti” tashqarisidagi dunyoni ko‘rgach, o‘zlari stereotiplarga to‘la “quti” ichida qolishni istamaydi, deydi xonanda.
Xonanda qizi Aishani dunyoga keltirganidan so‘ng bir muddat ijoddan chekinib, o‘zini oilasiga bag‘ishladi.
### Shahnoza Mirziyoyevaning yaqin dugonasi
Foto: Instagram
Xonanda Lola O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kichik qizi Shahnoza Mirziyoyevaning eng yaqin dugonalaridan biri hisoblanadi. Ularning do‘stligiga 19 yildan oshdi. Xonanda Lola 2021-yil noyabr oyida Shahnoza Mirziyoyeva bilan tushgan suratini sahifasiga joylab, uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan va samimiy tilaklarini bildirgan. Shuningdek, xonanda Shahnoza Mirziyoyeva bilan uzoq yillik qadrdon ekanligini aytib o‘tgan.
### Lolaning shov-shuvli konserti
Bir necha yillik ijodiy tanaffusdan so‘ng 2024-yil 27—29-sentyabr kunlari Lola to‘laqonli jonli ijroda muxlislari bilan kuylab, shou-konsertni ularning e’tiboriga havola qildi.
U birinchi qo‘shig‘ini sahnada ot ustida aytgan bo‘lsa, keyingi chiqishida esa “gul bargi” ichida kuyladi.
Konsert yakunida Lola qizi va o‘rtancha o‘g‘li bilan birga otasi haqida qo‘shiq kuyladi. “Dadajonim, sizni juda sog‘indim. Tushlarimda sizni ko‘rsam deyman” jumlalari muxlislar ko‘ziga yosh oldirdi. Uning so‘nggi kunlari yonida bo‘lolmagani, karantin sababli O‘zbekistonga kirolmagani haqida, u doim konsertida old o‘rindiqlarda o‘tirib, qizini qo‘llab-quvvatlab turishi haqida eslab, ko‘zlariga yosh oldi. “Sizlarni ham yig‘latganim uchun hammangizdan uzr so‘rayman, azizlarim”, dedi Lola uning so‘zlaridan ta’sirlanganlarga qarata.
### Orden bilan taqdirlangan
Lola Yo‘ldosheva Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
— “Bugun men prezidentimizning qo‘lidan “Do‘stlik” ordenini oldim! Bu men uchun katta sharaf va mas’uliyatdir. Men faxrni his qilyapman va nihoyatda minnatdorman. Ijodim har doim men uchun odamlarni birlashtirish va ilhomlantirish usuli bo‘lib kelgan. Bu mukofot nafaqat meniki, balki orzu bilan yashaydigan, o‘z ishini sevadigan va unga o‘zini to‘liq bag‘ishlagan har bir insonga tegishli.
Ko‘rsatilayotgan e’tibor, insonlarga ishonch, beqiyos qo‘llab-quvvatlash uchun muhtaram prezidentimizdan minnatdorman. Bunday e’tirof ilhomlantiradi va rag‘batlantiradi. Men o‘z oilam, do‘stlarim va menga ishongan barchaga rahmat aytaman. Bugun men o‘zimni nihoyatda baxtli his qilyapman”, deb yozgan Lola Instagram sahifasida qoldirgan postida.
### Muxlislar ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan Lola
Lola Yo‘ldosheva 2025-yil sentyabr oyida “O‘zicha” nomli so‘nggi yakkaxon konsert dasturini taqdim etgach, Instagram sahifasidagi kuzatuvchilari bilan xayrlashib, barcha postlarini o‘chirib tashladi. U bunday qilishining sababini hech qanday izohsiz qoldirdi. Shu orada Lola na to‘y xizmatlarida, na hamkasblarining konsert dasturlarida ko‘rinish berdi. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, tug‘ilgan kuni munosabati bilan yangi post joyladi va muxlislari oldiga qaytganini ma’lum qildi. U joylagan video kadrlarida xonanda bir yil davomida san’atdan va ijtimoiy tarmoqlardan dam olganini ko‘rish mumkin.

