Mahalliy

YTHga uchragan oʻquvchining sinf rahbari ishdan olindi

Yangi Namangan tumanidagi 65-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi.

YTHga uchragan oʻquvchining sinf rahbari ishdan olindi

Yangi Namangan tumanidagi 65-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi ishtirokida yoʻl-transport hodisasi yuz berdi. Bu holat boʻyicha Namangan viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy bayonot berdi.

Maʼlum boʻlishicha, voqea 2 oktyabr kuni sodir boʻlgan. Uchinchi dars paytida ingliz tili fani oʻqituvchisi dars tugashiga 10 daqiqa qolganda sinfni tark etgan. Shundan keyin uch nafar oʻquvchi maktab hududidan chiqib ketgan.

Soat 15:20 atrofida ulardan biri suv olish uchun yoʻlning qarama-qarshi tomoniga oʻtgan. Qaytib kelayotganida oʻquvchini «Damas» rusumli avtomobil urib yuborgan.

Jarohat olgan oʻquvchiga tibbiy yordam koʻrsatilgan.

Hodisadan soʻng maktab masʼullarining faoliyati oʻrganilib, sinf rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosariga ogohlantirish berilgan, ingliz tili fani oʻqituvchisiga esa «hayfsan» intizomiy jazosi qoʻllangan.

Boshqarma taʼlim muassasalarida oʻquvchilar xavfsizligini kuchaytirish, pedagoglarning xizmat vazifalariga masʼuliyat bilan yondashishi va dars jarayonida bolalar nazoratini taʼminlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berilganini maʼlum qildi.