Siyosat

Zelenskiy “Naftogaz” rahbarini bosh vazir etib tayinlamoqchi

Zelenskiy “Naftogaz” rahbarini bosh vazir etmoqchi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “Naftogaz” energetika kompaniyasi rahbari Sergey Koretskiyga mamlakat bosh vaziri lavozimini taklif qildi. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” manbalariga tayanib xabar berdi.

Avvalroq Financial Times va “RBK-Ukraina” Koretskiyni hukumat rahbari lavozimiga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rsatgan edi. U 48 yoshda bo‘lib, 2025-yildan buyon “Naftogaz” bosh direktori sifatida faoliyat yuritmoqda.

Koretskiy avval “Ukrnafta” kompaniyasini uch yil davomida boshqargan. Bu kompaniya hukumat tomonidan oligarx Igor Kolomoyskiydan tortib olingan va milliylashtirilganidan keyin boshqarilgan.

“Ukraina 24” kanali xabar berishicha, Koretskiy davrida “Ukrnafta” zarar ko‘rishdan foyda olishga o‘tib, eng muvaffaqiyatli davlat kompaniyalaridan biriga aylangan.

Manbalarga ko‘ra, Zelenskiy Koretskiyning faoliyatini diqqat bilan kuzatib borgan va uni “eng kuchli davlat menejerlaridan biri” deb hisoblagan. Prezident unga bosh vazirlikni taklif qilganida, Ukraina energetika tizimini himoya qilish va kelgusi qishga tayyorgarlik ko‘rishni eng muhim vazifalar sifatida belgilagan. Rossiyaning energetika obyektlariga hujumlari natijasida ushbu qish urushning eng og‘ir kechishi kutilmoqda.

“Koretskiy Zelenskiyning taklifidan hayron bo‘ldi, lekin roziligini bildirdi. U oldinda turgan qiyinchiliklar ko‘lamini to‘liq anglamayotganini, ammo sinab ko‘rishga tayyorligini qo‘shimcha qildi”, deb xabar berdi “Ukrainskaya pravda” manbalari.

O‘tgan hafta Ukrainaning AQSHdagi elchisi Olga Stefanishina diplomatik xizmatdan ketishini e’lon qilgach, Zelenskiy Vazirlar mahkamasini o‘zgartirishga qaror qildi. Bu kutilmagan iste’fo uning uchun “muammodan ko‘ra ko‘proq imkoniyat”ga aylandi. Zelenskiy bosh vazir Yuliya Sviridenkoni Vashingtonga yangi elchi etib tayinladi.

Sviridenkoning diplomatik lavozimga o‘tishi haqida Financial Times xabar berishicha, u xomashyo bitimini tayyorlash jarayonida Donald Tramp jamoasi a’zolari bilan aloqalarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan.